Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida har yili nishonlanadigan “Minusinsk pomidori” tanlovining yakuniy natijalari e’lon qilindi. 1506 grammlik pomidor tanlov g‘olibi deb topildi. U 11 yildan beri nishonlab kelinayotgan bayramda rekord o‘rnata olmadi. Biroq uni yetishtirgan shaxsga munosib sovrin — avtomobil taqdim etildi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Tadbir tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, musobaqalarda Minusinsk shahridagi 39 nafar tomorqa egalari ishtirok etgan. Hakamlar hay’ati har bir hosilni uning egasi ko‘z o‘ngida yig‘ib, vaznini aniq o‘lchagach, muxlislar baholashi uchun jo‘natgan.
“Minusinsk hududida yetishtiriladigan pomidorlar tarkibida xavfli moddalar yo‘q. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarga nisbatan o‘ta talabchan bo‘lib, ular pomidorlarning qanday sharoitda o‘stirilganiga alohida e’tibor qaratadi; dehqonning ko‘z o‘ngida hosilni yig‘ib oladi. Zaruriyat tug‘ilsa, hosilning kimyoviy tarkibini tekshiradi”, — deb qayd etdi shahar ma’muriyati xodimlari.
Tadbirda ishtirokchi va muxlislarni qo‘shib hisoblaganda, jami 8000 ga yaqin Krasnoyarsk o‘lkasi, Tomsk, Irkurtsk, Novosibirsk viloyatlari, Xakasiya va Tuva respublikalari aholisi qatnashdi.
Shahar ma’muriyati tadbirning shunchaki bayram emas, balki Krasnoyarsk o‘lkasi janubiy hududlarining oziq-ovqat ishlab chiqarish yarmarkasi va Minusinsk oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini tatib ko‘rish ko‘rgazmasi ekanligini qayd etdi.
Izoh (0)