Rossiyaning Petrozavodsk shahrida politsiya xodimini tishlab olib, vafot etgan 39 yoshli ayolning o‘limi sababini aniqlash bilan bog‘liq sud-tibbiy ekspertiza jarayoni olib borilmoqda. Bu haqda RF subyekti hisoblangan Kareliya Respublikasi bo‘yicha Tergov-qidiruv qo‘mitasining Petrozavodskdagi tergov-qidiruv bo‘limi rahbari Viktor Rassipnov bergan ma’lumotga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Voqea 10-avgust kechki payt ko‘chada sodir bo‘lgan. Politsiya xodimlari mast holda bo‘lgan erkak va ayol kishiga yaqinlashadi. Tergov-qidiruv qo‘mitasining ma’lum qilishicha, tartib posbonlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilayotganda, mast ayol politsiya xodimini tishlab oladi va o‘sha yerning o‘zida vafot etadi.
Tergov-qidiruv muassasasidan xabar berilishicha, ayol politsiyachini qattiq tishlab olgan, “biroq u xodimning sog‘ligiga zarar yetkazmagan”. Viktor Rassipnovning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda mutaxassislar politsiya xodimlarida bo‘lgan elektr shoker yoki gaz ballonining ayol organizmiga ta’sir qilgan bo‘lishi ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.
“Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, ayolning o‘limiga yurak-tomir tizimidagi kasallik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, — deb qo‘shimcha qildi Rassipnov.
Ayolning to‘satdan vafot etishi sabablari bo‘yicha mutaxassislar xulosasi 20-avgustgacha e’lon qilinadi.
Izoh (0)