O‘zbekiston milliy terma jamoasi 28-dekabr kuni Iroq terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. O‘FF Terma jamoalar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, ikkala tomon bu borada o‘zaro kelishuvga erishgan. Uchrashuv 28-dekabr kuni BAAning Dubay shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo Kubogi — 2015 final bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Mirjalol Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasining avgust, sentabr va oktabr oylarida ham bir nechta xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Jumladan, 20-avgust kuni milliy terma jamoa Bokuda Ozarbayjon milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushsa, sentabr oyida Toshkentda ikkita uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, 3-sentabr Iordaniya, 8-sentabr Yangi Zelandiya terma jamoasi Toshkentda mehmon bo‘ladi.
Shuningdek, Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi milliy terma jamoa 6-oktabr kuni Doxada Qatar terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Oktabr oyidagi yana ikkita uchrashuv 10 va 14-oktabr kunlari Bahrayn va BAA terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladi. Mazkur ikki uchrashuv ham BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)