Islom Karimovning 2014-yil 1-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida shahar va qishloqlarda, mahallalar, mehnat jamoalarida tevarak-atrofni tartibga keltirish, obodonlashtirish, ariq-zovurlar, xiyobonlarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-avgustdagi farmoyishiga muvofiq, avgust oyi O‘zbekistonda Obodonlashtirish va tozalik oyligi, deb e’lon qilindi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi ma’lum qilishicha, hozirda mahallalar, aholi punktlari, ko‘pqavatli uylar, hovlilar, bog‘ va saylgohlarni tartibga keltirish, ko‘pqavatli uylar atrofidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, ularning o‘rnini obod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Shayxontohur tumanidagi 10 ta mahallada 30 dan ziyod bolalar o‘yin maydonchasi, 40 dan ziyod avtomobil saqlash joylari foydalanishga topshirildi. Qariyb 7000 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan “Shodlik” mahallasida shaxsiy avtomobil egalariga o‘z mashinasini saqlash uchun sharoit yaratish maqsadida bo‘sh yotgan maydonlar obodonlashtirilib, yangi avtomobil to‘xtash joylari qurish ishlari tashkil etildi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida bolalar o‘yin maydonchalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning olti oyi mobaynida 40 ga yaqin yangi maydoncha qurilib, zarur vositalar bilan jihozlandi.
Yunusobod tumanining “Yangiobod” mahallasida amalga oshirilayotgan namunaviy mahalla loyihasi doirasida noqonuniy qurilmalarning o‘rniga bog‘, gulzor va o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda. Mahallada mavjud beshta bolalar o‘yin maydonchasi bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilindi.
Mahallada ko‘pqavatli uylarni ta’mirlash, ko‘chalarni yoritish tizimini modernizatsiyalash, chiqindi maydonchalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash ishlari davom etmoqda. Bu jarayonda hududdagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari, “Madali servis” boshqaruv kompaniyasi bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara bermoqda. Chiqindilar o‘z vaqtida tashib ketilayotgani tufayli noqonuniy chiqindixonalar hosil bo‘lishining oldi olinmoqda.
O‘zbekiston bo‘ylab Obodonlashtirish va tozalik oyligini, uning doirasida 16-17-avgust kunlari bo‘ladigan umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada, keng aholi qatlamlarining faol ishtirokida o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu boradagi ishlarni izchillik bilan tashkil etish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida ishchi guruhlar shakllantirildi.
Izoh (0)