Toshkentdagi Botanika bog‘i hududida yangi “Yashil teatr” tashkil qilinib, u yerda ilmiy-ma’rifiy xususiyatga ega madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qaroriga tayanib, “Anhor” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, Botanika bog‘ining kirish zonasi va magistral o‘zagi bo‘ylab joylashgan obyektlar rekonstruksiya qilinadi. Tashrif markazi, O‘zbekiston tabiiy-madaniy merosini o‘zida aks ettiruvchi ko‘rgazma, gerbariy va zoologik to‘plamlardan tashkil topgan zamonaviy ilmiy majmua hamda biologiya va biotexnologiyalar molekulyar laboratoriyasi quriladi.
Ushbu rejalar 2014—2017-yillar davomida Botanika bog‘ini noyob tabiiy o‘simlik markaziga aylantirish va uni dunyo darajasiga chiqarish maqsadida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevralida O‘zbekiston hukumati Botanika bog‘ini rekonstruksiya qilish haqida qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra, bog‘ning qiyofasi qayta shakllantirilib, uning hududidagi har bir bo‘linmacha dunyoning ma’lum bir mintaqasini eslatishi lozim. Alohida maydonlarning har biri muayyan vazirlik yoki idoralar zimmasiga yuklangan.
Izoh (0)