O‘zbekiston Prezidenti “Qonunchilik ijrosini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tarkibida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar tarkibida — Bosh boshqarmaning hududiy bo‘limlari tuziladi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tugatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining bitta o‘rinbosari lavozimi tugatiladi va Bosh prokuror o‘rinbosari — Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi kiritiladi.
Hujjatda Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari ham keltirib o‘tildi, ular quyidagicha:
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash;
- qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish qonunchiligini ta’minlash;
- qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy ta’sir choralarini amalga oshirish;
- qonunbuzlishlarni sodir etishga imkoniyat beruvchi sabab vas hart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish.
Izoh (0)