2014-yilning 6-avgust kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida “NEC” korporatsiyasi (Yaponiya) vitse-prezidenti Takayuki Morita bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mitaning axborot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida o‘rnatilgan ikki tomonlama hamkorlik holati xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbirda “NEC” korporatsiyasi bilan o‘rnatilgan ko‘p yillik hamkorlik natijalari, xususan, O‘zbekistonda teleuzatish hamda telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonda telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlashtirish, raqamli televideniyega o‘tish jarayonlari “NEC” korporatsiyasi bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mazkur raqamlashtirish jarayonini 2017-yilga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan. Hozirda O‘zbekiston aholisini raqamli uzatish bilan qamrab olish darajasi 45 foizni tashkil etmoqda. Uchrashuvda mazkur ko‘rsatkichni yil oxiriga qadar 50 foizga yetkazish, hamkorlik samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha birlamchi vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda istiqbolda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Izoh (0)