O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning yangi asarlari taqdimoti munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar taklif etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir, adabiyotshunos olimlar A.Rasulov, U.Normatov va boshqalar so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning yaqinda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Qiz bolaga tosh otmang”, “Qiz talashgan o‘smirlar”, “Quyonlar saltanati” nomli romanlari mustaqillik yillarida voyaga yetgan yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlari haqida hikoya qiladi. Asarlarda mehr-muhabbat, oqibat, mehnatsevarlik, halollik, diyonat, oriyat kabi chin insoniy tuyg‘ular yorqin obrazlar, kutilmagan va shu bilan birga qiziqarli voqealar yordamida talqin etilgan.
“Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar avvalo hamyurtlarimiz, yoshlarning ong-u shuurida, kayfiyatida, ruhiyatida ijobiy o‘zgarishlar yasadi, – deydi Xudoyberdi To‘xtaboyev. – Katta avlod vakillari faqat orzu qilgan bunday ulkan o‘zgarishlar, salmoqli yutuq va marralar ijod ahlining samarali mehnat qilishiga ilhom bag‘ishlamoqda”.
Izoh (0)