O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Shveysariya Federal Kengashi o‘rtasida daromad va kapitalning ikki yoqlama soliqqa tortilishini oldini olish to‘g‘risidagi 2002-yil 3-aprel Bitimiga hamda uning Bayonnomasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnoma 2014-yil 1-iyulda Bern shahrida (Shveysariya) imzolangan. Bu hujjat ahdlashuvchi davlatlar hududida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni ayirboshlash tartibini belgilaydi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasining axborot xizmati.
Mazkur Bayonnoma imzolanishi munosabati bilan, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank boshqaruvining “Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2014-yil 30-iyulda 2467-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Unga muvofiq, Adliya vazirligida 2013-yil 12-iyunda 2467-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Nizomning 1-ilovasi 44-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
Shu munosabat bilan, Shveysariya Konfederatsiyasining Jeneva, Neshetal (Nevshatal), Friburg va Sug kantonlari imtiyozli soliq rejimi beriladigan va (yoki) moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilganda oshkor etish va axborot berish nazarda tutilmaydigan davlat va hududlar (offshor hududlar) ro‘yxatidan chiqarib tashlandi.
Izoh (0)