G‘azo sektoridagi BMT maktabida berkinib, halok bo‘lgan 10 kishining dafn marosimi yakshanba kuni o‘tkazildi. Falastinliklarning aytishicha, o‘likxonalarda murdalar ko‘payib ketgan. Shuning uchun BMT maktabida vafot etgan kishilarning jasadi dafn marosimiga qadar muzlatgichda saqlangan. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
BMT rasmiy bayonot e’lon qilib, tashkilotga qarashli maktabga uyushtirilgan hujumni jinoyat deb atadi. Isroil ittifoqdoshi AQSh ham hujumni qoraladi.
BMTning falastinlik qochoqlarga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) matbuot kotibi Kris Gannes maktab binosida jangarilar berkinib olib, u yerdan raketa uchirganini isbotlovchi hech qanday dalil yo‘qligini aytib, “Xalqaro qonunchilikka ko‘ra ham, jangarilarni jangari emaslardan ajrata bilishingiz shart”, — deb ta’kidladi.
Avvalroq, BMT o‘zining Falastindagi maktablarida raketa saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni tan olgan edi.
Hozirda xalqaro missiya hududida boshpana topishga umid qilgan falastinliklar xarobaga aylangan bo‘lsa-da, o‘z uylariga qaytmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, dushanbaga o‘tar kechasi G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujum natijasida yana 10 kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)