Madonna Instagram’ga tanasiga Dovud yulduzi hamda islom dinining yarim oyi va yulduzi tushirilgan ikki nafar raqqos bilan tushgan surati, shuningdek, G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatilishiga chorlov ruhida kiritilgan izohi uchun keskin tanqidga uchradi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
55 yoshli qo‘shiqchi rasmlarga “Ajratish yo‘q! Barchamizning qonimiz bir rangda” deya izoh qoldirdi. Qisqa muddat ichida rasmni ko‘rgan Isroil va Falastin tarafdorlari o‘rtasida izohlar jangi boshlanib ketdi.
Ayrim foydalanuvchilar Isroilni qo‘llash terrorga qarshi kurash ekanligini qayd etgan bo‘lsa, yana ayrimlari qo‘shiqchining aqliy salohiyatiga shubha bildirib, unga salbiy tilaklar bildirdi. Ularning orasida Madonnani terrorchilikda ayblaganlar ham uchradi.
Shunga qaramay, surat 60 ming atrofida “layk” to‘pladi.
Bundan avvalroq ham qo‘shiqchi Instagram’ga Yaqin Sharqdagi notinch vaziyatdan noroziligini bildirgan holda bir qancha rasm joylagan va odamlarning turli tanqidiga uchragan. Xususan, 30-iyul kuni Madonna Isroil — Falastin mojarosiga bag‘ishlangan rasm joylagan edi. Unda arab va yahudiy tillarida “Tinchlik” deb yozilgan so‘z atrofida kabutar uchib yurgani o‘z aksini topgan.
O‘tgan hafta Madonna o‘zining siyosiy betarafligini e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Norozi qiyofada tushgan suratiga qo‘shiqchi “Men HAMASni qo‘llamayman! Men inson qadr-qimmati va hurmatini qo‘llayman. Men baham ko‘rishni quvvatlayman! Men tinchlik tarafdoriman!” deya izoh qoldirdi.
Izoh (0)