O‘zbekiston Davlat sanitariya-epidemiologik nazorat markazi rahbari mamlakat shaharlarida sotilayotgan kvas va mors singari salqin ichimliklar sog‘liq uchun xavfli ekanini qayd etdi. Bu haqda “Anhor” xabar berdi.
“Yo‘l yoqasida oddiy, qo‘lbola bochkalarda sotiladigan ichimliklar tarkibida kimyoviy va bakteriologik tarkibini aniqlovchi tekshiruvdan o‘tmagan bo‘lishi mumkin. Shu sababli, kvas, mors yoki sharbatlarni ichish xavfli bo‘lishi mumkin”, — deydi markaz rahbari Dilshod Qodirov.
Xuddi shunday, Toshkent va boshqa katta shaharlarda uchrovchi avtotsisternadan quyilgan ichimliklarini ham ichish sog‘liqqa zarar keltirishi mumkin. Sotuvchilarda ichimlik sotish uchun sertifikat va sanitariya-epidemiologik nazorat markazi ruxsatnomasi bo‘lishi kerak. Qoidaga ko‘ra, sotuvchilar hujjatlarni ko‘rinarli joyga qo‘yishga va iste’molchi so‘raganida unga taqdim etishga majburdir.
Soliq qo‘mitasi noziri Akmal Tillayev vaqti-vaqti bilan reydlar o‘tkazilib, salqin ichimlik savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanayotganlar aniqlanishini qayd etdi. “Reydlar vaqtida biz hajmi 25 dan 60 litrgacha bo‘lgan bochkalarni man etib, olib qo‘yamiz. Iste’molchilar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ygan qoidabuzarlarni esa javobgarlikka tortamiz”, — dedi Akmal Tillayev.
Izoh (0)