Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘idagi dehqon bozorida go‘sht, sut, baliq mahsulotlari pavilyonlari yangidan barpo etildi. Oziq-ovqat, quruq meva, issiq non, hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qiladigan zamonaviy do‘konlar qad rostladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotish uchun ham barcha qulayliklar yaratildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda xususiy mulkchilik shakli yo‘lga qo‘yildi, erkin savdoga keng yo‘l ochildi va bozorlarimiz qayta chiroy ochdi, — deydi ‘Chimyon’ qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ilhomjon Mansurov. — Dehqon bozori mustaqilligimizning yigirma uch yillik bayrami arafasida qishloq ahli uchun munosib tuhfa bo‘ldi”.
Shuningdek, u dehqon bozorida sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham barcha sharoit yaratilgani, keng, shinam, ozoda pavilyon va do‘konlar yong‘in xavfsizligi, sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob berishini ta’kidladi. “Aholi kerakli mahsulotlarni mana shunday ko‘rkam, zamonaviy bozordan nisbatan arzon narxlarda xarid qilayotganidan juda mamnun”, — deb qayd etdi Ilhomjon Mansurov.
Zamonaviy dehqon bozorining ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)