Rossiyaning “Yevrotsement” xoldingi Toshkent viloyati xo‘jalik sudining “Ohangaronsement”ning xususiylashtirilishini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan apellyatsiya beradi. Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
Nashrda qonunchilikka ko‘ra zavod aksiyadorlarida apellyatsiya berish uchun bir oy muddat borligi va hozirgi vaqtda hujjatlarni to‘plash ishlari boshlangani ta’kidlandi.
21-iyul, dushanba kuni Toshkent viloyati xo‘jalik sudi O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasining da’vosini qanoatlantirib, “Ohangaronsement”ning 1994-yil avgustidagi xususiylashtirilishini noqonuniy deb topdi.
Da’vo 16-iyul kuni berilgan bo‘lib, o‘tgan juma kuni ushbu ish bo‘yicha ilk sud eshituvlari bo‘lib o‘tgan. Ma’lum bo‘lishicha, sud qarori qisqa muddat ichida qabul qilingan, zavodning o‘zida esa tez-tez O‘zbekiston organlari tomonidan kutilmagan tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Nashrda qayd etilishicha, 2014-yil bahorida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish va moliya organlari soliq va moliyaviy qoidabuzarliklarda gumon qilib, zavodda rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazgan, biroq qoidabuzarliklar aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, “Yevrotsement” xoldingi “Ohangaronsement”ning 75,6 foiz aksiyasini 2006-yil avgustida Shveysariyaning Zeromax GmbH kompaniyasidan sotib olgan bo‘lib, hozirgi vaqtda 83,92 foiz aksiyaga egalik qiladi.
Iyun oyida “Yevrotsement” “Ohangaronsement” negizida yiliga 2,4 million tonna “quruq” sement ishlab chiqara oladigan zavodni tashkil qilish uchun xitoylik hamkorlar bilan 128 million dollarlik shartnoma imzolagan edi.
Izoh (0)