Eronning inqilobiy tribunali sakkiz kishini Facebook ijtimoiy tarmog‘ida hukumatga qarshi xabarlar joylashtirgani uchun jami 127 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda France-Presse agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Shaxsi ma’lum qilinmayotgan jinoyatchilar “milliy xavfsizlikka qarshi yo‘naltirilgan harakatlarni qasddan amalga oshirgani”, hukumatga qarshi targ’ibot o‘tkazgani hamda “Eronning yetakchilari va islomning muqaddas kishilarini haqorat qilgani” uchun har biri 11 yildan 21 yilgacha bo‘lgan turli muddatga qamaldi.
Ma’lumot uchun, Twitter va Facebook singari ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, hukumat yoki islomga qarshi deb tan olingan boshqa resurslar hukumat tomonidan berkitib qo‘yilgan.
2014-yil may oyida WhatsApp’ni ham taqiqlab qo‘yish taklifini Eron prezidenti Hasan Ruhoniy rad etdi. Bundan avval u saylovoldi jarayonlarda ijtimoiy sohada aholiga ozodlik berishni va’da bergan edi. Biroq keyinchalik uning bu fikri Eronning mutaassib siyosatchilari tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi.
Izoh (0)