Britaniyaning Daily Mail nashri jahon chempionatida ishtirok etayotgan ikki hakamning kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi haqida xabar tarqatdi, deb yozadi Stadion.uz.
Unga ko‘ra, Daily Mail gazetasining 6-iyul, yakshanba sonida ikki hakamning gumon qilinayotgani aytilgan. Nashr manbasining xabariga ko‘ra, FIFA musobaqa davomida bu haqida ma’lumotga ega bo‘lgan va gumondorlarning ilgarigi o‘yinlardagi holatlari bo‘yicha dalillar bor.
Daily Mail nashrida e’lon qilingan mazkur maqolada hamyurtimiz Ravshan Ermatovning ham surati chop etilgan bo‘lib, uning tagiga “Ikki hakam kelishilgan o‘yinlarda gumon qilinmoqda, Ravshan Ermatov ular orasida emas” deb yozib qo‘yilgan.
FIFA milliy assotsiatsiyalar va hamkorlari orqali butun dunyoda korrupsiyaga qarshi muntazam ravishda ma’lumot to‘plab keladi. Keyingi yillarda bu jarayon avvalgilarga qaraganda tezlashdi. Biroq, ta’kidlash lozimki, ma’lumotlar Braziliyadagi FIFA xavfsizlik tizimiga kelib tushguncha bu ikki hakam o‘yinlarni boshqarishga ulgurgan.
Gumon qilinayotganlar “Ikkilik zarba” usulidagi stavkalarga ega bo‘lgan tarixiy o‘yinlarni boshqargani aytilmoqda. FIFA Daily Mailga yakshanba kuni bu borada “Bizda jahon chempionatining birdamligiga putur yetkazadigan hech qanday dalil yo‘qligini e’tirof etamiz”, deya javob bergan. Biroq, ma’lumotni rad etish yoki uning jiddiyligini e’tirof etish holati kuzatilmadi.
“Umuman olganda, biz turnir davom etayotgan bir paytda hakamlar ustidan har qanday tekshiruvlar olib borish va bu bilan musobaqaga putur yetkazuvchi holatlarni izohlashga va bu borada ma’lumot berishga majbur emasmiz”, — dedi FIFA matbuot kotibi.
Ta’kidlash lozimki, turnir davomida Germaniyaning Der Spiegel jurnali tomonidan e’lon qilingan hibsga olingan kelishilgan o‘yinlar tashkilotchisi Uilson Raj Perumalning Kamerun va Xorvatiya termalari o‘yini kelishilganligi haqidagi fikri tarqaldi. Biroq, Perumalning o‘zi nemis nashriga bu ma’lumotni bermaganini, Der Spiegel esa buni aynan uning o‘zi aytganini takrorlamoqda. FIFA Der Spiegeldan bu haqida rasman dalillar ko‘rsatishni talab qildi.
Izoh (0)