2014 — 2015-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda. Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19120 va to‘lov-kontrakt asosida 38787 nafar miqdorida belgilangan, deb yozadi Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z blogida.
2014 — 2015-o‘quv yilida ayrim yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar ochildi. Jumladan, mazkur o‘quv yilida Toshkent arxitektura-qurilish institutida “Qiymat injiniringi” (“Стоимостной инжиниринг”), Toshkent davlat agrar universitetida “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi” (“Технология возделывания лекарственных растений”) kabi yangi yo‘nalishlarga talabalar qabul qilinadi.
Joriy o‘quv yilida O‘zbekistondagi 57 ta oliy ta’lim muassasasida, 11 ta oliy ta’lim muassasalari filiallarida, shuningdek, Navoiy konchilik institutining Zarafshon va Olmaliq fakultetlari hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limini hisoblaganda jami 71 ta ta’lim muassasasida test sinovlari o‘tkaziladi.
DTM bergan ma’lumotga ko‘ra, 2013-yilda 57 ta oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan tushgan arizalar soni jami 480407 ta bo‘lib, shu jumladan, kunduzi bo‘limga 480163 ta, sirtqi bo‘limga 244 ta hujjat qabul qilinib, respublika bo‘yicha o‘rtacha tanlov 8,5 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda 500000 dan ortiq abituriyentlarning hujjat topshirishi kutilmoqda.
Kecha, 9iyun kuni, DTM saytida abituriyentlar uchun maxsus sahifa ishga tushdi. Mazkur sahifada OTMlarga hujjat topshirayotgan abituriyentlarning soni real vaqtda nechta bo‘lganligini kuzatish mumkin.Shuningdek, ushbu sahifada respublikadagi barcha OTMlarning yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ham ko‘rsatilgan.
Ushbu xabar kiritilayotgan vaqtda hujjat topshirgan abituriyentlar soni butun respublika bo‘ylab, 135 190 nafarni tashkil qilmoqda.
Hozircha respublika bo‘yicha Jizzax davlat pedagogika institutiga eng ko‘p, 7607 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Izoh (0)