Ukrainaning Slavyansk shahri ko‘chalari xarobaga aylanib, hamon harbiy texnika qurshovida bo‘lishiga qaramay, shahar osoyishta hayotga qaytmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Seshanba kuni Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Slavyanskka tashrifi chog‘ida vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish lozimligini ta’kidladi. “Lugansk va Donetsk shaharlari atrofidagi qurolli jangarilarni maxsus operatsiya orqali siqib chiqarish mo‘ljallanmoqda. Biroq jang shaharlar ichida amalga oshirilmaydi”, — dedi prezident Poroshenko.
Hozirda shahar aholisiga yordam ko‘rsatuvchi gumanitar koridorlar o‘z faoliyatini olib bormoqda. Kuni kecha Slavyanskka 35 tonnaga yaqin non, suv, sabzavotlar va sut kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Pyotr Poroshenko o‘z tashrifida shaharda energiya ta’minoti tizimi qayta tiklanganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda ayirmachilar Lugansk va Donetsk aholi yashash punktlarini egallab turibdi.
Izoh (0)