Amerika shtatlari gubernatorlari o‘z shtatlariga Barak Obama tashrif buyurganida qoida bo‘yicha uni kutib olishga chiqadi. Biroq Texas gubernatori Rik Perri bunday qilishdan bosh tortdi, deya xabar berdi “ITAR-TASS”.
Respublikachilar partiyasi tarafdori va AQSh ma’muriyati immigratsiya siyosatining azaliy tanqidchisi bo‘lgan gubernator prezidentni samolyot zinasi yonida kutib olish haqida Oq uydan kelib tushgan taklifni rad etdi.
“Sizni aeroportda kutib olish haqidagi taklif uchun rahmat. Ammo qisqagina qo‘l berishib ko‘rishish orqali ayni paytda Texas janubida sodir bo‘layotgan gumanitar va milliy xavfsizlik sohasidagi tanglikni muhokama qilib bo‘lmaydi”, — deyiladi Perrining Obamaga atalgan maktubida.
Buning o‘rniga gubernator prezidentning tashrifi davomida alohida uchrashishni taklif etdi va buning uchun o‘z kun tartibiga o‘zgartirish kiritishga shayligini bildirdi.
Oq uydan kelib tushgan javob xatida Obama Texasdaligida u bilan “jon deb” uchrashishini ma’lum qildi. Gubernator chorshanba kuni Dallasda bo‘lib o‘tadigan, AQShning chegara hududlaridagi vaziyatlarga bag‘ishlangan davra suhbatiga taklif etildi.
Izoh (0)