Amerikaliklarning uchdan biri (33 foizi) mamlakatning hozirgi davlat rahbari Barak Obamani Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon AQSh prezidenti deb hisoblaydi. Bu haqda, Kuinnipiak universiteti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslanib, Agence France-Presse axborot agentligi xabar bermoqda.
Ayni vaqtda, respondentlarning 45 foizi agar 2012-yilgi prezidentlik saylovlarida Mitt Romni g‘alaba qozonganida, vaziyat yaxshiroq bo‘lardi, degan fikrda. So‘rovnomaning 38 foiz ishtirokchisi bu fikrga qo‘shilmagan, deb yozadi “Kun”.
Amerikaning so‘nggi 70 yildagi eng yomon prezidentlari reytingida ikkinchi o‘rin kichik Jorj Bushga berilgan. Unga respondentlarning 28 foizi ovoz bergan.
So‘rovnomaga ko‘ra, 1981—1989-yillarda AQShga rahbarlik qilgan Ronald Reygan davrning eng yaxshi prezidenti deya tan olingan. U 35 foiz ovoz to‘plagan. Undan keyingi o‘rinlarda Bill Klinton (18 foiz) va 1963-yilda o‘ldirilgan Jon Kennedi (15 foiz) bormoqda.
Ekspertlarning fikricha, ichki va tashqi siyosatda yuzaga kelgan mojarolar Obamaning obro‘sini tushirib yuborgan.
Qayd etish joiz, yaqinda Gallup tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ham deyarli shunday natijalarni taqdim etgan edi — unga ko‘ra, Obama amerikaliklarning yarmidan ko‘pini ishonchidan chiqqan.
AQShning 44-prezidenti hisoblangan Barak Obama ilk bor 2009-yili saylangan. 2012-yili esa ikkinchi prezidentlik muddatiga saylangan.
Izoh (0)