“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan axborot-kommmunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, deya ma’lum qiladi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari — bosh muhandis Mirhosil Xolmatov O‘zAga bergan intervyusida.
Mirhosil Xolmatovning aytishicha, Via.uz saytida har bir foydalanuvchi o‘zi uchun kerakli bekatga u yoki bu avtobusning kelish vaqtini bilib olishi mumkin. Shuningdek, Toshkent shahar jamoat transporti yo‘nalishlarining yangi interaktiv xaritasi ishga tushirildi.
Mazkur xizmat poytaxt aholisi va mehmonlarining shahar jamoat transporti yo‘nalishlari haqida xabardorligini oshirish uchun mo‘ljallangan. U shahar xaritasida tanlangan yo‘nalish chizmasi, yo‘nalishdagi ko‘chalar va bekatlarni aks ettirish imkonini beradi. Xaritada 11 mingdan ziyod kompaniya va korxonalarga oid ma’lumotlar hamda ularga jamoat transporti vositasida yetib borish chizmasi mavjud.
Yo‘lkira to‘lash avtomatlashtirilgan tizimining amaliyotga tatbiq etilishi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining loyihalaridan biridir. Bunday qurilmalarni transport vositasi eshiklariga o‘rnatish, shuningdek, konduktorlarga yo‘lkirasini yig‘ish uchun ixcham moslamalarni berish rejalashtirilmoqda. Yo‘lovchi to‘lovni amalga oshirib, bir martalik chipta o‘rnini bosadigan chekni olishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)