AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) jahonning 193 mamlakatida kuzatuv (razvedka) ishlarini olib borish uchun sud ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. Bu haqda, MXAning sobiq xodimi Edvard Snouden tomonidan oshkor etilgan ma’lumotlarga asoslanib, The Washington Post xabar bermoqda.
“Kun”ning yozishicha, MXA Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan boshqa barcha mamlakatlardan, xususan, O‘zbekiston to‘g‘risidagi barcha axborotlarni tutib olish huquqiga ega bo‘lgan. Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan esa AQShning alohida, tegishli shartnomalari mavjud.
MXAga ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnomani AQShning xorijiy razvedkalar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha sudi bergan. Ushbu hujjatda 193 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham ko‘rsatilgan bo‘lib, ularga Amerika maxsus xizmatlari tomonidan “haqqoniy” qiziqish uyg‘onishi mumkinligi qayd etilgan.
Xabar berishlaricha, MXAga Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa Ittifoqi va MAGATE haqida ham razvedka axborotlarini to‘plash huquqi berilgan. Gazetaning qayd etishicha, agentlik ushbu nishonlar bo‘yicha kuzatuvlar olib borish uchun qonuniy huquqqa ega bo‘lgan bo‘lsa-da, har doim ham bu huquqdan foydalanmagan.
The Washington Post’ning yozishicha, MXA vakillari sudning ushbu qarori rost-yolg‘onligi yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.
Izoh (0)