Toshkent shahrining Chilonzor tumanida inkassator mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqidagi xabar Respublika inkassatsiya xizmati tomonidan rad etildi, deb yozadi “Kun” UZ24 ma’lumotiga tayanib.
Avvalroq, 27-iyun, juma kuni Toshkent kichik halqa yo‘lining Chilonzor tumanidan o‘tuvchi qismida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani, unda inkassator mashinasi ham ishtirok etgani va undagi pullar sochilib ketgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik foydalanuvchilar tomonidan xabarlar qoldirilgan edi.
Respublika inkassatsiya xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Xurshid Tabibovning ma’lum qilishicha, inkassatorlarning avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir etilmagan va bu haqda tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.
UZ24’ning xulosasiga ko‘ra, YTHda ishtirok etgan avtomobil hamda undan sochilib chiqqan pullar inkassatorlarga emas, balki jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan, ammo bu haqda rasmiy ma’lumot berilmagan.
Izoh (0)