Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Olmazor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rahmon Haydarov (ism-familiyalar “Huquq” gazetasi tomonidan o‘zgartirilgan) tomonidan tashkil etilgan yashirin sex faoliyatiga barham berildi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Rahmon Haydarov bu yerda gaz va elektr energiyasiga qonunga xilof ravishda ulanib, yeryong‘oq qovurish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. R. Haydarov bozordan xom yeryong‘oq olib, qo‘lbola tarzda yasalgan uskunalardan foydalangan holda, davlat sanitariya me’yorlariga javob bermaydigan sifatsiz mahsulot ishlab chiqargan. Tekshiruv yakunida R. Haydarovga tegishli 6 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
SVOJJDLQK departamenti bo‘lim katta inspektori Sarvar Kenjayevning ma’lum qilishicha, Olmazor tumanida yana bir noqonuniy faoliyat bartaraf etilgan. Abdurazzoq va Furqat Sobirov o‘zlari istiqomat qiladigan xonadon yerto‘lasida yashirin sex tashkil etib, bu yerda makkajo‘xori qalamchalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Ular ham elektr energiyasi va gazdan noqonuniy foydalangan holda yasama qurilmalarda ish tashkil qilgan.
Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining ruxsatini olmasdan qo‘lbola tarzda ishlab chiqarilgan bu shirinliklar mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, iste’molga yaroqsiz deb topilgan. Tekshiruv yakunida huquqbuzarlarga tegishli 6,5 mln so‘mlikka yaqin makkajo‘xori qalamchalari, uni tayyorlashda ishlatiladigan mahsulotlar, yasama dastgohlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Izoh (0)