Samarqand viloyati Urgut tumanining “Buloqboshi” qishloq fuqarolar yig‘inida viloyat hokimi Zoir Mirzayev tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi “Kun”.
Qabulga viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, shuningdek, tuman aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar hamda ularning yechimiga aloqador bo‘lgan idoralar rahbarlari, tegishli jamoat tashkilotlari mutasaddilari taklif etildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar viloyat hokimi, boshqa korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan yuzma-yuz suhbatlashib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar bo‘yicha murojaat etdilar. Murojaatlarning aksariyati yechimi bo‘yicha shu yerning o‘zida javob berildi.
Xususan, fuqarolar tomonidan ma’lum qilingan ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli jabhalariga oid 20 dan ziyod muammoli masalalarning 16 tasi shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, olti murojaat yechimi bo‘yicha tegishli idoralar rahbarlariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Fuqarolarning murojaatlarida kollejdagi ta’lim sharoitlarini yaxshilash, hududdagi yo‘l qurilishi ishlarini jadallashtirish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash kabi ko‘plab masalalar ko‘tarilgan.
“Tadbir davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi aloqani yanada yaqinlashtirishda, qolaversa, hudud ravnaqi, kelajagi uchun hamjihatlikda harakat qilishga zamin yaratgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi”, – deyiladi hokimlik xabarida.
Izoh (0)