2014-yilning 16-iyunidan boshlab O‘zbekiston milliy emlash taqvimiga yangi rotavirus vaksinasi joriy etildi. Endilikda ikki-uch oylik chaqaloqlar rotavirus kasalligiga qarshi bepul emlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning mamlakatdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, yangi vaksinani amaliyotga joriy etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Sakkiz mingdan ziyod o‘rta tibbiyot xodimlari emlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdi. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlari va patronaj hamshiralar ishtirokida maxsus o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Joylarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar bazasida 3800 emlash punktlari tashkil etildi. Joriy yilning o‘zida qariyb uch yuz sakson ming bolani rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari emlash ishlariga ko‘rilgan tayyorgarlik va bu jarayonning borishi bilan tanishish maqsadida poytaxtning Shayxontohur tumanidagi 46-oilaviy poliklinikada bo‘ldi.
– Rotavirus infeksiyasi maishiy jihozlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova. – Kasallik virusi asosan oshqozon-ichak yo‘lida tarqaladi, ovqat hazm qilish fermentlarini ishdan chiqaradi. Buning oqibatida tana harorati ko‘tarilib, ko‘ngil ayniydi, ich ketishi kuzatiladi. Bu jarayon bolalarda ancha og‘ir kechishi, organizm bir kecha-kunduzda bir litrdan ko‘proq suyuqlik yo‘qotishi mumkin. Bolalarni o‘z vaqtida emlash orqali bunday muammolarning oldini olish mumkin.
Emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo‘llanilayotgan eng samarali emlash vositalari mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda tibbiy-laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlandi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga yetkazib berildi.
Ma’lumot o‘rnida: Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda har yili ikki milliondan ko‘proq inson rotavirus infeksiyasi bilan xastalanib shifoxonalarga tushadi. Ulardan qariyb besh yuz ming nafari ushbu o‘tkir yuqumli kasallik tufayli olamdan ko‘z yumadi.
Izoh (0)