2014-yilning 12-iyun – 13-iyul kunlari o‘tkaziladigan futbol olamining eng nufuzli musobaqasi – jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarish uchun o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar guruhi Braziliyaga yo‘l oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Nufuzli chempionat musobaqalarini Yevropadan to‘qqizta, Janubiy Amerikadan beshta, Osiyodan to‘rtta, Afrika va Shimoliy Amerikadan uchtadan, Okeaniya mintaqasidan bitta hakamlar brigadasi boshqaradi. Ravshan Ermatov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Boltiqbo‘yi mamlakatlari vakillari orasida ushbu jahon chempionatiga jalb etilgan yagona bosh hakamdir.
Braziliyada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarishda Ravshan Ermatovga o‘zbekistonlik, Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2011-yilda qit’amizning eng yaxshi qanot hakami, deb topilgan Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam beradi.
Ma’lumot uchun: 2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarda hakamlik qilib kelayotgan Ravshan Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli musobaqalarni – 2007 va 2009-yillarda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiliklari, 2008 va 2011-yillarda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari finali, 2010-yilgi jahon chempionati, 2011-yilgi Osiyo kubogi finali, 2012-yili XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol uchrashuvlari, 2013-yilda esa Braziliyada o‘tgan konfederatsiyalar kubogi bahslarini boshqargan.
Ravshan Ermatov Osiyoning “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit’amizdagi yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etdi. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni yuqori saviyada boshqarib kelayotgan R. Ermatov 2013-yil yakunlari bo‘yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog‘onalaridan joy olgan.
Izoh (0)