Londonning “Kensington va Chelsi” deb nomlangan tumani meriyasida navbatdagi 55-Xalqaro xayriya yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Yarmarkada hammasi bo‘lib dunyoning 60 dan ziyod mamlakati diplomatiya missiyalari qatnashdi. Ular qatorida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ham tadbirda faol ishtirok etdi. Meriyaning asosiy zalida “O‘zbekiston” bo‘lmasi tashkil etildi, deb xabar berdi “Jahon” axborot agentligi.
O‘zbek xalqining boy madaniyati va an’analarini namoyon etadigan amaliy san’at asarlari, jumladan, sopol idishlar, zardo‘zlik buyumlari namunalari, miniatyura, ipak mato hamda so‘zanalar O‘zbekiston Respublikasi milliy ekspozitsiyasining peshtaxtalaridan joy oldi.
— Zamonaviy O‘zbekiston hamda uning xalqi madaniyati va tarixi bilan tanishish men uchun maroqli bo‘ldi, — dedi ekspozitsiya ishtirokchisi J. Xyulin. — Ushbu yarmarka va mamlakatingiz elchixonasining vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot menda yaxshi taassurotlar qoldirdi.
Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniya poytaxti Londonda 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinadigan mazkur bahor yarmarkasi har yili tashkil etiladigan yirik xayriya tadbiri hisoblanadi. Uning faoliyati xalqaro ijtimoiy yordamga muhtoj bolalar va oilalarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning turmush sharoitlari yuzasidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Mazkur yarmarka malika Aleksandra hamda diplomatiya korpusining marshali Ch. Grey ko‘magida “Birlashgan qirollik xalqaro ijtimoiy xizmati” tomonidan tashkil etiladi.
Izoh (0)