4-may kuni Toshkentdagi “Paxtakor” o‘yingohida “Sariq bo‘yinbog‘” deb nomlangan O‘zbekistonda birinchi jaydari itlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda gazeta.uz xabar berdi.
Tadbirda 16 ta zotsiz itlar qatnashdi, ularning ba’zilari “Mehr va shafqat” hayvonlar himoyasi jamiyati qarovi ostidadir.
Tanlov doirasida itlarning tashqi ko‘rinishi va jozibadorligi, o‘zini tutishi va xo‘jayini bilan aloqasi, itning oilada paydo bo‘lish tarixi, shuningdek, uning iste’dodlari baholandi.
Ko‘rikda itlarning kattaligiga qarab, “Mini” (20—30 sm), “O‘rtacha” (30—40 sm) va “Pahlavon” (40—50 sm va undan yuqori) kategoriyalarida g‘oliblar aniqlandi.
“Mehr va shafqat” jamiyati direktori Madina Saidkarimovaning ta’kidlashicha, tadbirni o‘tkazishdan maqsad, zoti yo‘q, jaydari itlarni jamoatchilik orasida ommalashtirish, to‘rt oyoqli do‘st tanlashda zotning asosiy rol o‘ynamasligini kishilarga yetkazishdan iborat.