“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida Buxorodagi “Salomatlik maskani” shifoxonasida “Mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida yaratilgan shart-sharoitlar va ulardan samarali foydalanish masalalari: erishilgan natijalar hamda navbatdagi vazifalar” mavzusida tadbir hamda ayollar uchun ommaviy tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Buxoro viloyat kengashi “Ayollar qanoti” bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limlari, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasi hamda mutaxassis-ekspertlar ishtirok etdi.
“Salomatlik maskani” xususiy shifoxonasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda 600 nafarga yaqin ayol momolog, onkolog, endokrinolog, ko‘z va buyrak kasalliklari, jarroh, ultratovush tekshiruvi, psixolog, teri-tanosil xastaliklari, rentgenolog, ichki kasalliklar, akusher-ginekologlar qabulida bo‘lib, xastaligi aniqlangan ayollar tegishli davolash muassasalariga yo‘llanma oldi.
Ta’kidlash joiz, O‘zLiDePning “Sog‘lom oila — mustahkam oila” loyihasi doirasida birgina o‘tgan yilda O‘zbekistonning barcha hududlarida 250 dan ziyod tadbir o‘tkazilib, unda 9000 nafarga yaqin xotin-qizlar qatnashdi hamda ularning 850 nafari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Jumladan, viloyatning Vobkent, Buxoro va Peshku tumanlarida tashkil etilgan tibbiy ko‘riklarda 500 nafardan ortiq xotin-qizlar malakali shifokorlar qabulida bo‘lib, tegishli muolaja va maslahatlar oldi.
Izoh (0)