Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qalbaki dollarning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament va shahar IIBB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Toshkent shahrida yashovchi 30 va 22 yoshli ikki nafar shaxs har bir qalbaki AQSH dollarini 7500 so‘mdan hisoblab, xaridorga qalbaki 18,8 ming dollarni 141 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, ulardan qo‘shimcha qalbaki 9,5 ming dollar ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam odam savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, hozirda probatsiya nazoratida bo‘lgan 27 yoshli shaxs qalbaki 20 ming dollarni haqiqiy 14 ming dollarga sotishga kelishib, xaridorga qalbaki 12 ming dollarni bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham qalbaki 400 dollar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida, voqea joyiga birga kelgan uning sherigi – Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 24 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida ham qalbaki 10,5 ming AQSH dollari borligi maʼlum bo‘lgan. Tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 22,9 ming dollar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatida yashovchi 44 va 25 yoshli ikki nafar shaxs har bir qalbaki 100 dollarni haqiqiy 40 dollardan hisoblab, xaridorga qalbaki 20 ming dollarni haqiqiy 8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Bundan oldin Navoiy viloyati IIB TQX Jinoyat qidiruv bo‘limi, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh tomonidan 400 million so‘m soxta pullar 160 million so‘m haqiqiy pullarga almashtirilayotgan paytda qo‘lga olingandi. Aprel boshlarida esa Toshkent shahri Yangihayot tumanida xaridor qalbaki pulga iPhone sotib olgani, Toshkent viloyati Angren shahrida qalbaki pullar muomalaga kiritilishining oldi olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)