Senat oilaviy bolalar uylarini tashkil qilgan ota-onalarni o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish yuzasidan hukumatga taklif kiritdi.
Yalpi majlisda senator Dilorom Tashmuhamedova oilaviy bolalar uylarini tashkil etgan ota-onalarni kelajakda mehnat staji bo‘yicha pensiya olishlari uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish taklifini bildirdi.
2022-yilning 1-sentyabriga qadar oilaviy bolalar uyi yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritgan. Bunda bolalarni parvarishlayotgan ota-onalarga ish haqi to‘lanib, ularga mehnat staji hisoblangan. Keyinchalik bu tartib o‘zgargan.
Bir farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazish qanchalik mas’uliyatli va mashaqqatli ish ekanini juda yaxshi bilamiz. Shu ma’noda mazkur taklif hukumat tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqilsa va ijobiy hal etish choralari ko‘rilsa, 659 nafar bolani parvarishlab, tarbiyalayotgan fidoyi ota-onalarni qo‘llab-quvvatlagan va rag‘batlantirgan bo‘lardik, — dedi senator.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimi Farrux Zokirovning aytishishcha, 345-sonli qaror bilan oilaviy bolalar uyining yuridik maqomi bekor qilingan.
Bunga yuridik maqomga ega bo‘lgan oilaviy bolalar uyida byudjetdan ajratilgan mablag‘lar sarflanishida ozroq muammolar kuzatilgan. Boisi ular nimadir sotib olmoqchi bo‘lsa, shartnoma qilish kerak bo‘lgan. Shuning uchun yuridik maqomi bekor qilingan.
Oilaviy bolalar uyining muammolarini bartaraf etishga qaratilgan prezident qarori Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Yuqorida ko‘tarilgan masalaning yechimi mazkur qarorda aks etgan, — dedi vazirlik mas’ul xodimi.
Hozirda respublikada 126 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 659 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Ma’lumot uchun:
- Qashqadaryo – 84 nafar (15 uyda);
- Farg‘ona – 60 nafar (14 uyda);
- Qoraqalpog‘iston – 77 nafar (14 uyda);
- Toshkent viloyati – 49 nafar (10 uyda);
- Toshkent shahri – 56 nafar (12 uyda);
- Buxoro – 30 nafar (6 uyda);
- Samarqand – 43 nafar (9 uyda);
- Jizzax – 53 nafar (11 uyda);
- Xorazm – 67 nafar (10 uyda);
- Sirdaryo – 46 nafar (8 uyda);
- Navoiy – 47 nafar (7 uyda);
- Surxondaryo – 27 nafar (5 uyda);
- Andijon – 12 nafar (3 uyda);
- Namangan – 8 nafar (2 uyda) bola tarbiyaga olingan.
Ma’lumot uchun, prezidentning 2020-yil iyundagi qarori bilan o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati tasdiqlangan.
Izoh (0)