Fin siyosatchilari Finlyandiyaning Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari izidan borib, piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash bo‘yicha Ottava konvensiyasidan chiqish jarayonini boshlashiga umid qilmoqda. Bu haqda “Ilta-Sanomat” gazetasi xabar berdi.

Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari mudofaa vazirlari piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash bo‘yicha Ottava konvensiyasidan chiqish niyatini bildirgan va o‘z davlatlari rahbarlariga tegishli qaror qabul qilishni tavsiya etgan edi.
Finlyandiya parlamenti Mudofaa qo‘mitasi raisi Yukka Kopra bahorda Mudofaa vazirligi va hukumat minalar bo‘yicha konvensiyaga oid parlamentda muhokama qilinadigan taklif tayyorlanayotganini bildirgan.
Shartlarda aytilishicha, agar mamlakat urushga jalb etilgan bo‘lsa, u konvensiyadan chiqa olmaydi. Agar biz kelishuvlarga rioya qilishni istasak, undan (Ottava konvensiyasidan — tahr.) tezroq chiqishimiz kerak. Shunda, agar vaziyat shunchalik yomonlashib urush holatiga tushib qolsak, kelishuvlarni buzishga majbur bo‘lmaymiz, deydi Kopra.
O‘rmon va qishloq xo‘jaligi vaziri Sari Essaya ham Finlyandiyaning Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari izidan borib, konvensiyadan chiqishga qaror qilishiga umid bildirgan.
Finlyandiya mudofaa kuchlari qo‘mondoni Yanne Yaakkola avvalroq “xavfsizlik vaziyati sezilarli darajada o‘zgargani” sababli Ottava konvensiyasidan chiqish masalasini ko‘targan. Mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen keyinroq Mudofaa vazirligi hisobot tayyorlayotganini, unda vazirlik mamlakatga piyodalarga qarshi minalar kerakmi yoki yo‘qligini tushuntirishini ma’lum qildi.
Ottava konvensiyasi piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, to‘plash, ishlab chiqarish va o‘tkazishni taqiqlaydi hamda ularni yo‘q qilishni talab etadi. U 1997-yil 3-dekabrda Kanadaning Ottava shahrida imzolangan va 1999-yil 1-martda kuchga kirgan. Konvensiyaga 163 mamlakat qo‘shilgan.
Izoh (0)