Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Suhbat avvalida Yevropa ittifoqining yuqori darajali vakili davlat rahbariga Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaning salomi va tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani qayd etilgan. Uni izchil kengaytirish uchun katta imkoniyat va salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va YI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimning tez fursatda imzolanishi ham bunga xizmat qiladi. Transport va logistika, energetika, raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
O‘ta muhim mineral resurslarni qayta ishlash sohasida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda joriy yil aprel oyi boshida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo — YI” birinchi sammiti va Iqlim forumini tashkil etish va o‘tkazish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

21-yanvar kuni Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashgan edi. Toyvo Klaar ayollarning huquqiy himoyasi va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qatʼiy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Izoh (0)