O‘zbekistonda tug‘ilgan qozog‘istonlik UFC jangchisi Shavkat Rahmonovning turmush o‘rtog‘i ishtirokida yuz bergan hamda ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar bermoqda.

Hodisa Jambil viloyatida sodir bo‘lgan. Toyota Land Cruiser 200 rusumli avtomobil Qarag‘anda viloyatidan Olmaotaga qarab harakatlanayotganda boshqaruvni yo‘qotib, ag‘darilgan. Voqea oqibatida ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, yana ikki kishi — haydovchi va voyaga yetmagan shaxs shifoxonaga yotqizilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, avtomobilni boshqargan fuqaro Shavkat Rahmonovning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda transport vositasini boshqarishda yo‘l harakati qoidalarini buzib, ikki yoki undan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Qonunchilikka ko‘ra, bu jinoyat uchun:
- 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
- 7 yilgacha transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Ya’ni, Rahmonovning rafiqasi aybdor deb topilsa, u qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Mazkur holatda jinoyat og‘ir toifaga kiradi. Shu sababli, jabrlanuvchilar kelishib, kompensatsiya asosida jinoyat ishini yopishning imkoni yo‘q. Qozog‘iston JKning 68-moddasi 3-qismiga ko‘ra, og‘ir jinoyatlar bo‘yicha yarashuv asosida ish tugatilmaydi.
Rasmiy axborotga ko‘ra, hodisada oqibatida haydovchining o‘zi ham tan jarohati olgan, shuningdek, uning voyaga yetmagan farzandi ham jarohatlangan. Qozog‘iston JKning 53-moddasi 4-qismiga ko‘ra, aybdorning voyaga yetmagan farzandi borligi sud tomonidan yengillashtiruvchi holat sifatida e’tiborga olinadi.
Hozirda hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Dastlabki tergov muddati 2 oy bo‘lib, prokuratura ruxsati bilan bu muddat 3 oy yoki murakkab hollarda 12 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Shavkat Rahmonov 1994-yil Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. U 2014-yili Qozog‘iston fuqaroligini olgan va oilasi bilan Qarag‘andaga ko‘chib ketgan. Rahmonov 2020-yildan beri UFC’da jang qilib keladi. Hozirda u ushbu promoushenning yarim o‘rta vazndagi reytingida 3-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)