Qozog‘istonlik UFC jangchisi Shavkat Rahmonovning rafiqasi yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur ma’lumotni Jambil viloyati politsiya departamenti matbuot xizmati tasdiqlagan, biroq jabrlanganlar shaxsi oshkor etilmagan. Bu haqda Zakon.kz nashri xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 2025-yil 27-iyul kuni soat 08:50 da “Olmaota–Yekaterinburg” yo‘lining 299-kilometrida yuz bergan. Qarag‘andi viloyatidan Olmaota yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Toyota Land Cruiser 200 rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va mashina ag‘darilib ketgan.

Oqibatda ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan, yana ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan. Voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 345-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ularni boshqarish qoidalarini buzish) bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan.
Rasmiylar jabrlanganlarning shaxsini ochiqlamagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, avtohalokatga uchraganlar orasida Shavkat Rahmonovning turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan. Biroq bu ma’lumotni sportchining oila a’zolari yoki rasmiy manbalar hali tasdiqlamagan.
Ma’lumot uchun, Shavkat Rahmonov professional faoliyati davomida 19 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. U 2020-yildan buyon UFC doirasida 7 marta oktagonga chiqib, barcha janglarda raqiblarini mag‘lub etgan.
Izoh (0)