O‘zbekistondagi barcha ichimlik suvi ta’minoti korxonalarida sifat monitoringini yuritish va ma’lumotlarni boshqarish markazlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Hududlarda ichimlik suv sifati monitoringini yurituvchi markaziy laboratoriya tashkil etish, barcha shahar va tumanlardagi ichimlik suv sifatini nazorat qilish uchun laboratoriyalarga biriktirish yoki hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari bilan shartnomalar rasmiylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Ichimlik suv sifatini monitoringini yuritadigan laboratoriyalarining texnik jihatdan malakali bo‘lishi lozim.
Ijro uchun asosiy mas’ul etib “O‘zsuvta’minot” belgilandi.
Ichimlik suvining sifati qanday bo'lishi kerak?
Ichimlik suvi butun dunyo standartlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsuloti sifatida tasniflanadi. U inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi uchun laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi.
Birinchi navbatda tanlangan suv manbalari davlat standarti O‘zDSt 951:2011 “Markazlashtirilgan xo‘jalik-ichimlik suvi bilan ta’minlash manbalari, gigiyenik, texnikaviy talablar va tanlash qoidalari” talablariga javob berishi shart. Agar tanlangan suv manbalaridagi sifat ko‘rsatkichlari gigiyenik talablarga javob bermasa, u holda suvlar maxsus tozalash inshootlarida bosqichma-bosqich qayta tozalanadi.
O‘zbekiston aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi
2025-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 80,9 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
- Andijon — 91,9 foiz;
- Buxoro — 74 foiz;
- Farg‘ona — 81 foiz;
- Jizzax — 73,8 foiz;
- Navoiy — 86 foiz;
- Namangan — 84,9 foiz;
- Qashqadaryo — 74,2 foiz;
- Samarqand — 78,6 foiz;
- Surxondaryo — 70 foiz;
- Sirdaryo — 87,6 foiz;
- Toshkent — 81 foiz;
- Xorazm — 91,2 foiz;
- Toshkent shahri — 98 foiz;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 74 foiz.
“O‘zsuvtaʼminot” axborot xizmati rahbari Akmal Murodovning ma’lum qilishicha, so‘nggi 6 yilda aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga 10 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 1 176 ta suv inshooti va 20,8 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.
O‘zbekistonda 2026-yilda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik 90 foizga, oqova suv xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi 35 foizga yetkaziladi.
Izoh (0)