Yuqumli kasallikdan vafot etgan XVIII asr ruhoniysining mumiyolangan jasadi topildi. U o‘limidan bir necha yil o‘tgach qabrdan olib chiqilgan va Avstriyaning Dunay daryosi shimolidagi qishloqda joylashgan Avliyo Tomas Blazenshteyn cherkovidagi daxmaga ko‘chirilgan. Bu haqda mahalliy ma’lumotlarga tayanib CNN xabar berdi.

Jasadning mo‘jizaviy saqlanganligi — teri va to‘qimalar butunligi – tarixda ziyoratchilarni jalb qilgan. Ular jasad qoldiqlari shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin deb taxmin qilgan.
Bir guruh olimlar “havoda quritilgan ruhoniy” deb nomlangan sirli mumiyo atrofidagi ko‘plab javobsiz savollarga yangicha javoblar taqdim qilmoqda. Qabrga suv sizib kirishi natijasida ta’mirlash ishlari boshlangan. Bu esa murdani zamonaviy ilmiy tahlil qilishga turtki bo‘lgan.
Germaniyaning Myunxen Lyudvig-Maksimilian universiteti tibbiyot professori Andreas Nerlix va uning hamkasblari kompyuter tomografiyasi, radiouglerodli aniqlash hamda suyak va to‘qima namunalarining kimyoviy tahlili orqali mumiyoning shaxsini tasdiqlagan. Natijada jasadning uzoq vaqt davomida qanday qilib yaxshi saqlanib qolganini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan. Tadqiqot natijalari 2-may kuni Frontiers in Medicine jurnalida chop etilgan.
Fanga noma’lum mumiyolash usuli
Kompyuter tomografiyasi natijasi barchani hayratda qoldirgan. Mumiyoning qorin va tos bo‘shlig‘i archa va qoraqarag‘ay daraxtlarining yog‘och bo‘laklari, zig‘ir, kanop va zig‘ir tolali mato, shu jumladan nozik kashta tikilgan mato kabi materiallar bilan to‘ldirilgani aniqlangan. Qo‘shimcha toksikologik tahlil murdada rux xlorid va boshqa elementlarning izlarini topgan.
“Tanaga umuman tegilmaganligi juda hayratlanarli, deydi jasadni o‘rgangan olimlar. Sababi mumiyolash uchun tana ochilishi kerak.
Ushbu qarama-qarshilikka izoh berish uchun jamoa ushbu materiallar mumiyoga to‘g‘ri ichak orqali kiritilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surgan. Tadqiqotchilar fikricha, aynan shu materiallar aralashmasi mumiyoni havoda quritilgandek holatda saqlab qolgan.
Yog‘och bo‘laklari va matoda suv bo‘ladi. Rux xloridi qurituvchi ta’sir ko‘rsatib, ichakdagi bakteriyalarni kamaytirgan, dedi Nerlix.
Olimning qo‘shimcha qilishicha, murdani mumiyolashning bunday usuli qadimgi Misrdagidan keskin farq qiladi. Sababi, Misrda mumiyolash uchun jasadni ochish zarur bo‘lgan. Bu ruhoniy jasadida qo‘llanilgan texnika ilmiy adabiyotlarda ilgari qayd etilmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu usul XVIII asrda jasadni tashish va boshqa maqsadlarda keng qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin.
Yangi tahlil usullari bilan tekshirilganda, mumiyolar faqatgina skelet bo‘libgina qolmay, ular o‘tmishni o‘rganish uchun ajoyib manbaa bo‘la oladi. Masalan, kasalliklar va tibbiy muolajalarni o‘rganish, dori-darmon iste’moli, o‘lim hamda tanaga bo‘lgan munosabat kabi madaniy jihatlar haqida atroflicha ma’lumot olish mumkin.
Yana bir olimga ko‘ra, mumiyoda rux xlorididan tashqari oz miqdorda an’anaviy mumiyolash vositasi — margimush ham aniqlangan.
Mumiyo shaxsi aniqlandi
Mumiyolangan jasad aristokrat Frants Xaver Sidler fon Rozenegg ekani ma’lum. U Avliyo Tomas Blazenshteyn cherkovini olti yil davomida boshqargan. Tarixiy qaydnomalarda yozilishicha, ruhoniy 1746-yilda 37 yoshida shu lavozimda vafot etgan.
Radiouglerodli tahlil natijasi uning o‘lim sanasini 1734 va 1780-yillar oralig‘ida deb belgilagan. Jasad tahlillari esa o‘lim yoshi 30 dan 50 gacha bo‘lganini ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, ruhoniyning chekish odati bo‘lgani va u surunkali sil kasalligidan aziyat chekkani, buning oqibatida o‘tkir o‘pka qon ketishi sababli vafot etganligi ham oshkor bo‘lgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra jasad ko‘milmasdan cherkov daxmasida qoldirilgan.
Izoh (0)