Rossiya armiyasiga qo‘shilish evaziga taklif etilayotgan yirik bonuslar va kuchaytirilgan harbiy targ‘ibot askar yollash sur’atini oshirdi. Bu haqda razvedka ma’lumotlari bilan tanishgan Amerika va Yevropa rasmiylariga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Rossiya armiyasi har oyda 30 mingga yaqin askar to‘plamoqda. Bu o‘tgan yozga nisbatan 5 mingga ko‘p. Armiyaga qabul qilish ko‘rsatkichi oyiga 40 ming kishiga yetishi mumkin. Bu esa Kremlga nafaqat Ukrainadagi armiya yo‘qotishlarini to‘ldirish, balki Rossiya hududida joylashgan va mashq qilayotgan yangi tarkibni shakllantirish imkonini beradi.
Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash uchun bir martalik bonuslarni to‘lash Rossiya byudjetiga kuniga taxminan 2 milliard rublga tushadi, deb hisoblaydi Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida Germaniyaning Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti ilmiy xodimi Yanis Klyuge.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy summaning taxminan to‘rtdan uch qismi (1,5 milliard rubl) hududiy byudjetlardan qoplanadi. Ular Moskvadan kelgan topshiriqni bajarish uchun byudjetlarining deyarli 3 foizini sarflamoqda. Qolgan 0,5 milliard rubl esa federal byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
“Yollash mashinasi” uchun xarajatlar 2024-yil aprel oyiga nisbatan deyarli 5 baravar oshdi va agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, yil oxirigacha Rossiya g‘aznasiga 730 milliard rublga tushadi. Bu butun mamlakatdagi oliy ta’lim tizimi yillik byudjetining (1,5 trillion rubl) yarmi va sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy loyihaga ajratilgan mablag‘lardan (369 milliard rubl) ikki barobar ko‘pdir.
2024-yil Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina bilan urushga 440 ming kishini yoki kuniga taxminan 1,2 ming kishini yollashga muvaffaq bo‘ldi. O‘shandan beri shartnoma imzolash uchun to‘lovlar qo‘shimcha ravishda oshdi va ba’zi hududlarda 20 ming dollarga yetdi. Finlyandiya bankining Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti direktori Likka Korxonenning ta’kidlashicha, bu ko‘plab rossiyaliklarning bir yillik daromadidan yuqori.
Hozirgi yo‘qotishlar darajasi bilan Kreml armiya sonini yana 12-16 oy ushlab tura oladi. Hali frontga yuborilmagan erkaklarning qisqarib borayotgan demografik bazasi uchun “ov” oxir-oqibat byudjet cheklovlariga olib keladi va bu hukumat oldiga yangi safarbarlik zarurati haqidagi noqulay savolni qo‘yadi, deb hisoblaydi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ning Rossiya bo‘yicha bosh eksperti Jorj Barros.
Ukrainaga qarshi urushda 1000 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi jang qilmoqda
Kamida 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Bu ro‘yxat to‘liq emas: Rossiya yoki boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan etnik o‘zbeklarni hisobga olsak, ularning umumiy soni bir necha mingga yetishi mumkin. Bu haqda Ukrainaning “Хочу жить” (“Yashashni istayman”) loyihasi ma’lum qildi.
Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnma tuzganlar orasida kamida 109 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida eng yoshi 21 yoshga to‘lmagan, eng kattasi 62 yoshda. Halok bo‘lganlardan biri shartnoma imzolaganidan keyin 8 kun ham yashamagan.
O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish qonunan taqiqlanadi!
O‘zbekiston fuqarolari chet davlatlarning (shu jumladan, Rossiyaning) harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollangani uchun O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154,1-moddasiga ko‘ra 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)