O‘zbekistondagi yirik mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona Jurabek laboratories ta’sischisi, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva O‘zbekistonda eng kamida 68 nafar bolaning o‘limi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga sud tomonidan belgilangan 75 milliard 756 million so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni to‘lab berish taklifi bilan chiqqani haqida xabar berilgandi. Munira Kariyeva bu pullarni qay tartibda va qancha muddatda to‘lab bermoqchiligi ochiqlandi. Bu haqda “Daryo” jurnalisti xabar berdi.
Munira Kariyevning ishonchli vakillariga ko‘ra, Sardor Kariyevning onasi o‘g‘liga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llansa, dastlabki to‘lov sifatida 7,5 milliard so‘m to‘lovni birdaniga amalga oshirishni rejalashtirgan. Shunda bu pullar 72 nafar jabrlanuvchiga birinchi oy uchun 100 million so‘mdan, 4 nafar jabrlanuvchiga 50 va 8 nafar jabrlanuvchiga 20 million so‘mdan tegadi.
Ikkinchi oydan boshlab jabrlanuvchilarning 72 nafariga har oyda 25 million so‘mdan, 4 nafariga 12,5 million so‘mdan, 8 nafariga esa 5 million so‘mdan to‘lab beriladi. So‘nggi 36-oyda esa 72 nafar jabrlanuvchining har biri 50 million so‘mdan, 4 nafari 25 million so‘mdan va qolgan 8 nafari 10 million so‘mdan pul oladi. Shunday qilib Kariyevning onasi 36 oyda dastlabki instansiya hukmida yozilgan 75 milliard 756 million so‘mlik tovon pulini qoplab beradi. Ona buning uchun o‘g‘liga tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgartirilib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi lozimligini iltimos qilgan. Shuningdek, sudlov hay’ati ularga sud majlislari davomida qo‘shimcha majburiyat yuklasa, uni ham ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Sizdan iltimos, ushbu arizamda bildirgan fikrlarim apellyatsiya sudi jarayonida e’tiborga olinib, birinchi instansiya sudi hukmining o‘g‘lim — S.Kariyevga nisbatan jazo tayinlash qismi bekor qilinib, uning ozodlikka chiqarilishini va jabrlanganlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan ma’naviy zarar pulini uch yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi bo‘yicha muddat belgilab berilishini so‘rayman, — deyilgandi Munira Kariyevaning sudga kiritgan arizasida.
2022-yilning oktyabr, noyabr va dekabr oylarida bolalar shamollashiga qarshi qo‘llangan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi 2023-yilning yanvar oyida mamlakatda “Dok-1 Maks” fojiasi sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Fojianing dastlabki qurbonlari haqida xabar bergan mas’ullar marhum bolalar soni 65 nafar ekanini ochiqlagan bo‘lsa, keyinchalik bu raqamlar 68 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. 2022-yilning dekabr oyida tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgan bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu vaziyatni darhol nazoratga oldi. Zaharli sirop haqida jamoatchilikka oshkor qilgan Samarqand viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachining yozishicha, ikki oyda 21 kishi shu dori vositasi qabulidan so‘ng shikoyat qilgan. 17 nafar bolaning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, ularning 15 nafarida o‘lim holati kuzatilgan.
2024-yilning 26-fevral kuni O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi, 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudning yakuniy hukmi e’lon qilingandi. Hukmga ko‘ra, sudlanuvchilarning 7 nafari ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, 14 nafarining ozodligi cheklandi. Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan bo‘lsa, yana bir nafari 17 million so‘mlik jarimaga tortilgan. 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard so‘mdan tovon puli undirilishini belgiladi. Og‘ir tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga 500 million va 200 million so‘m miqdorida tovon puli undiriladigan bo‘lgandi.
Izoh (0)