Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning iyul-sentyabr oylarida avtomobil narxlari tahlil qildi. Unga ko‘ra, 2024-yilning avgust oyida avtomobil narxlari iyul oyiga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, sentyabr oyida narxlarda pasayish kuzatildi.
Mahalliy ommabop avtomobillar — Lacetti, Cobalt, Nexia, Spark, Damas, Labo narxlari
2024-yilning sentyabr oyida o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan ommabop avtomobillar narxlari sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa, kam foydalanilgan avtomobil narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Xususan, avgust oyida kam foydalanilgan Lacetti avtomobilining ikkilamchi bozordagi narxi 4,5 foizga, o‘rtacha foydalanilgani 6,0 foizga va ko‘p foydalanilgani 5,4 foizga oshdi. Sentyabr oyida esa o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan Lacetti narxlari avgust oyiga nisbatan mos ravishda 2,1 va 2,8 foizga hamda kam foydalanilgan Lacetti narxlari 0,8 foizga pasaydi.
Mahalliy ommabop avtomobil uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:
- Lacetti: kam foydalanilgan — 15 091 dollar (avgust oyida — 15210 dollar), o‘rtacha foydalanilgan — 14 341 dollar (14 649 dollar), ko‘p foydalanilgan — 13 044 dollar (13 420 dollar);
- Cobalt: kam foydalanilgan — 13 040 dollar (avgust oyida — 13 189 dollar), o‘rtacha foydalanilgan — 12 301 dollar (12 769 dollar), ko‘p foydalanilgan — 11 488 dollar (11 904 dollar);
- Spark: o‘rtacha foydalanilgan — 10 078 dollar (avgust oyida — 10 390 dollar), ko‘p foydalanilgan — 8 818 dollar (9 149 dollar).
Mahalliy lyuks avtomobillar (Malibu, Tracker) narxlari
Avgust oyida kam foydalanilgan Malibu uchun taklif etilgan o‘rtacha narx iyul oyiga nisbatan 2,8 foizga, o‘rtacha foydalanilganlari uchun 3,8 foizga, ko‘p foydalanilganlari uchun 2,0 foizga oshgan bo‘lsa, sentyabr oyida kam foydalanilgan Malibu uchun taklif etilgan o‘rtacha narx avgust oyiga nisbatan 2,8 foizga, o‘rtacha foydalanilganlar uchun 1,5 foizga, ko‘p foydalanilganlar uchun 0,4 foizga pasaydi.
Mahalliy lyuks avtomobillar uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:
- Malibu: kam foydalanilgan — 29 390 dollar (avgust oyida — 30 252 dollar), o‘rtacha foydalanilgan — 28 703 dollar (29 154 dollar), ko‘p foydalanilgan — 24 401 dollar (24 506 dollar);
- Tracker: kam foydalanilgan — 18 500 dollar (avgust oyida — 19 284 dollar), o‘rtacha foydalanilgan —17 738 (18 723 dollar), ko‘p foydalanilgan — 16 647 dollar (16 956 dollar).
Random Forest modeli: avtomobil narxlariga ta'sir etuvchi omillar. Oq rangli Lacetti va Cobalt’ning bosib o‘tgan masofasi ularning narxlariga yuqori darajada ta’sir etgan bo‘lsa, Damas’ning ishlab chiqarilgan yili narxni belgilashda asosiy omil bo‘ldi. Shuningdek, Lacetti narxiga uning qora rangli ekanligi eng ko‘p ta’sir etishi aniqlandi.
Avtomobillar bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olindi:
- 2023—2024-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 kilometrgacha bo‘lgan avtomobillar – “kam foydalanilgan”;
- 2023—2024-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 kilometrdan 50 000 kilometrgacha bo‘lgan avtomobillar, shuningdek, 2021—2022-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 40 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar — “o‘rtacha foydalanilgan”;
- 2023—2024-yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 50 000 kilometrdan ko‘p bo‘lgan avtomobillar, 2021-2022-yillarda ishlab chiqarilgan hamda 40 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar hamda 2020-yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar – “ko‘p foydalanilgan”.
Ma’lum qilinishicha, avtomobil narxlarini tahlil qilishda ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) orqali to‘plandi. Bunda, 2020—2024-yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun taklif etilayotgan narxlar saralab olingandan so‘ng, 30,5 mingta ma’lumotlar asosida taklif etilayotgan narxlar tahlil qilindi. Shuningdek, avtomobil narxlariga ta'sir etuvchi omillar Random Forest modeli yordamida aniqlandi.
Avvalroq audit, soliq, yuridik va maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi firmalar tarmoqlaridan biri bo‘lgan KPMG tadqiqoti natijalari e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda har mingta aholiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni qo‘shni davlatlarga qaraganda ancha past. O‘zbekiston bozorida avtomobillar sonining o‘sishiga hissa qo‘shgan asosiy omillardan biri bu avtokreditlardir. Shuningdek, lizing va bo‘lib to‘lash kabi omillar yaqin kelajakda avtomobil savdosi o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.
Izoh (0)