Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki tomonlama muzokaralar yakunida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekistonning ushbu yuksak davlat mukofotini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.
“Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko‘lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘liq”, dedi O‘zbekiston prezidenti.


-BatKsWA2.avif)
Shavkat Mirziyoyev turkman xalqining milliy yetakchisi tomonidan ilgari surilayotgan global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro tashabbuslarni alohida qayd etdi. Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedovning 2025-yilni “Tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Prezident Turkmaniston yetakchisining shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston—Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani, haqiqatdan namunaviy tus olganini aytdi.
“Shaxsan sizning ko‘magingiz bilan 2017-yilda davlatlarimiz strategik sherikligining mustahkam asosi yaratildi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekistonning oliy mukofoti topshirilishi ko‘p millatli xalqning atoqli davlat arbobi, bugungi Turkmanistonning milliy yetakchisi va me’mori sifatida unga nisbatan samimiy hurmat-ehtiromi ifodasi bo‘lgani ta’kidlandi.
Gurbanguli Berdimuhamedovga mukofot topshirilishidan lavhalar

-8Bb4agN8.avif)
-NSlfGM1T.avif)


-Bqd68nSS.avif)



Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif bilan 23-aprel kuni kelgandi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston prezidenti kutib oldi.
Shu kuni ular Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Qabrga gullar qo‘yildi. Qur’on tilovat qilindi. So‘ng ular “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Oliy martabali mehmon O‘zbekistonning boy madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va amaliy sanʼat namunalari bilan tanishdi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.
24-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)