Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanidagi ommaviy tadbirda Hyundai Porter yuk mashinasi o‘quvchilarni urib yuborgandi. Holat yuzasidan yuk mashina haydovchisi uy qamog‘iga olindi. Bu haqda viloyat politsiya boshqarmasiga tayanib, Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi 2-may kuni kuzatilgandi, shundan so‘ng haydovchi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan edi.
“Hodisadan so‘ng 1976-yilda tug‘ilgan J.B. Ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, so‘roq qilinib, vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. Jalolobod shahar sudi qarori bilan ayblanuvchi uy qamog‘iga qo‘yib yuborildi”, — deyiladi IIV axborotida.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, hodisa payti u mashina salonidan tushgan va Hyundai Porter qanday harakatlana boshlaganini sezmagan. Shundan keyin u mashinaga yetib olishga va uni to‘xtatishga ulgurmagan. Oqibatda transport o’quvchilarni bosib ketgan.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 32 nafar bola jarohatlangan. Ularning aksariyati kasalxonaga yotqizilgan. 10 nafar bola davolanish uchun maxsus samolyotda Bishkekka olib kelingan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)