“Effekt.uz” sayti direktori Akmal Eshonxonov sud qilinmoqda. Bunga Sudyalar oliy kengashi raisining taqdimnomasi sabab bo‘lgan. Bu haqda sudning dastlabki instansiyasida qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi.

2025-yilning 14-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida sudya Jahongir Saidov raisligida bo‘lib o‘tgan dastlabki sud majlisida sayt direktori Eshonxonov yolg‘on axborot tarqatishda ayblanayotgani aytildi.
Sud avvalida so‘z olgan sudya Saidov majlis ochiq ekanini, ammo OAV xodimlariga foto, video hamda audiomateriallar olish taqiqlanganini maʼlum qildi. Ular shunchaki kuzatuvchi maqomida ekanini, maʼlumotlarni qo‘lyozma tarzida olishi mumkinligini, shuningdek, keyinchalik bundan foydalanib materiallar tayyorlashiga qarshi emasligini aytdi.
Bu harakat bilan kelgusida shu masalada kiritishimiz kerak bo‘lgan barcha iltimosnomalarimizni ham rad etib bo‘ldingiz. Bu esa bizda ishni xolis ko‘rishingizga shubha tug‘diryapti, deydi advokatlardan biri sudyaning harakatiga noroziligini bildirar ekan.
Majlisga raislik etuvchi esa bu haqda xususiy ajrim chiqarganini, mazkur masalani qayta muhokama qilish niyati yo‘qligini aytdi. Shunda himoyachilar raislik etuvchi yoki yordamchisi ko‘magida sud majlisida ovoz yozish imkoniyati yaratilishi kerakligini, keyinchalik ish yakunlangach, tomonlarga taqdim qilinishi mumkinligini aytib, iltimosnoma kiritdi. Sudya bu iltimosnomani ham rad etdi. So‘ngra advokatlar va javobgar tomon sudyaning xolisligiga shubha qilib, unga raddiya berdi. “Otvod” ham rad qilindi.
-Fx0n0qrN.avif)
Sud majlisida so‘z olgan javobgar Akmal Eshonxonov Sudyalar oliy kengashi va uning faoliyati haqidagi maqolalar muallifi emasligini, IIB xodimi ishni sudga oshirishdan oldin buni tekshirmaganini maʼlum qildi.
Agar maqola muallifi men bo‘lib, javobgar qilinayotganimda ham alam qilmasdi, dedi u.
Akmal Eshonxonov, shuningdek, Sudyalar oliy kengashi tahririyatdan maqola uchun raddiya eʼlon qilishni so‘ramaganini, agar so‘ralsa, raddiya berishga tayyor ekanligini aytdi.
Raislik etuvchi sudya sudlanuvchiga savol bilan yuzlanar ekan, tahririyatning 2025-yil 15-fevralda eʼlon qilgan “Xolmo‘min Yodgorovga savollar bor” sarlavhali maqolasidagi
Sudyalar Oliy malaka hayʼatining xulosasi bilan sudyalik lavozimiga tavsiya etishga noloyiq deb topilgan B.A. Sudyalar oliy kengashining 2021-yil qarori bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi sudyasi lavozimiga, T.Sh. JIB Yakkabog‘ tuman sudi raisi lavozimiga, K.R. FIB Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, S.B. JIB Guliston tuman sudi raisi lavozimiga, A.O‘. FIB Yangiyo‘l tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, A.S. FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, S.N. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi lavozimiga loyiq deb topilib, rasman ishga tayinlangan. Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: chunki lavozimga tayinlangan yana bir qancha sudyalar va sud raislari haqida tahririyat ixtiyorida yetarlicha maʼlumotlar bor,
deyilgan jumlaga dalil so‘radi. Shuningdek, sudya undan tahririyat direktori sifatida har bir maqola e’lon qilinishidan avval sizdan o‘tadimi, maqolani e’lon qilishga siz ruxsat berasizmi, deya so‘radi.

Dastlab “Axborot manbamizni ochiqlay olmayman”, degan sudlanuvchi advokatlari tushuntirishlaridan so‘ng “Bu haqdagi hujjat bizda mavjud, mazkur hujjatning qabul qilingan sanasi, raqami kabi maʼlumotlarni beraman. Faqat axborot manbamizni ochiqlamayman”, dedi. Sudyaning qo‘shimcha savoliga esa “maqola badiiy kengashdan o‘tadi va maqolaning e’lon qilinishiga men ruxsat beraman”, deya javob qaytardi.
Sud sudlanuvchining mazkur maʼlumotlarni taqdim etishi uchun vaqt berdi va sud ishida 16-aprel kuni soat 10:00 ga qadar qisqa tanaffus eʼlon qilindi.
Tahririyat va Sudyalar olish kengashi o‘rtasidagi ziddiyatga sabab nima?
Aniqlanishicha, “Effekt.uz” sayti 2025-yilning 6-fevral kuni “Sudyalarning nafsi hakalak otganmi yoxud Yodgorov va Islomov tizginni yo‘qotdimi?” sarlavhali maqola eʼlon qilib, maqolada sudyalarda korrupsion holatlar ko‘p uchrayotganini yozib, qozilarning pora olishiga katta ehtimol bilan Sudyalar olish kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sababchi, degan. Bunga munosabat bildirgan Sudyalar olish kengashi axborot xizmati mukammallikka daʼvo qilinmasligini, biroq noxolislikka ham toqat qilinmasligini yozib, “ushbu maqola biryoqlama va yetarli asoslarga ega bo‘lmagan hissiyotli mulohazalardan iborat bo‘lib, sudyalar hamjamiyati faoliyati, rahbariyati va aʼzolarini obro‘sizlantirish maqsadida yozilgan, deyishga to‘la asoslar bor”, deya fikr bildirgan. Bu haqda ikkinchi marta chiqish qilgan “Effekt.uz” sayti jurnalisti mavzuni davom ettirib, bu safargi maqolada Xolmo‘min Yodgorovga savollarini bayon qilgan. Jurnalistlar chiqishini eʼtiborsiz qoldirgan masʼullar “Savollarga javob naqd”ligini yozib, maqolani “Sudyalar oliy kengashiga nisbatan navbatdagi axborot xuruji”, deb baholagan.
Buni so‘z erkinligining amaldagi ifodasi, deb bo‘lmaydi. Chunki so‘z erkinligining bosh mezoni — xolislik, tarqatilayotgan axborot uchun masʼuliyatni zimmaga olish va aybsizlik prezumsiyasiga qatʼiy rioya etish hisoblanadi. Maqolada ushbu huquqiy va axloqiy talablarning aksi ko‘rinadi va bu elektron nashr faoliyatida o‘z shioriga ters holatlar ko‘zda tashlanayotganini ham bildiradi, deyiladi Sudyalar oliy kengashining javobida.
Keyinchalik tahririyatning yozishicha, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov tanqidiy maqola uchun Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritgan. Bosh prokuratura ishni ko‘rib chiqish uchun Ichki ishlar vazirligi xodimlariga yuborgan. IIV xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ish Mirzo Ulug‘bek tuman IIB ixtiyoriga yuborilgan. Shunday qilib ish ayni kunda sudga yetib kelgan.
Izoh (0)