Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan yig‘ilishda bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarishni topshirdi.

Qayd etilishicha, bir hafta ichida Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti. Bu obyektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi.
Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki Andijon tumani “O‘rikzor” mahallasidagi ta’mirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.

Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
“Hammani qattiq ogohlantiraman — tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi”, dedi prezident.
Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Yig‘ilishda prezident Andijon viloyatiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishini ham aytdi. Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi
Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi. Davlat rahbari dastlab Andijon xalqaro aeroportini modernizatsiyalash ishlarining borishi bilan tanishdi. WBM Romitex klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasiga borib, faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida yangi korxonalar faoliyatidan tashqari, sanoat, energetika, shaharsozlik va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, joylardagi qurilish va bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi xalq saylida ishtirok etdi.
Izoh (0)