Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Ummon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv boshida Qays al-Yusuf davlat rahbariga Ummon sultoni Haysam bin Toriq al-Saidning samimiy salomini yetkazdi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo sohalarida, shu jumladan O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasi ko‘magida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi.
Yaqin fursatda hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumini o‘tkazishga kelishib olindi.

Transafg‘on temiryo‘lini qurish hamda O‘zbekiston—Turkmaniston—Eron—Ummon transport yo‘lagini ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)