Namangan shahar hokimi hududlarda noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘rab viloyat YHXB boshlig‘iga xat yo‘llagandi. Javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimligi xizmat avtomobillarida surunkali qoidabuzarliklar sodir etilgan.

Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev xatida Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid ravishda o‘rnatilgan kameralarni KAAT tizimidan o‘chirish hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qo‘llash ishlarini to‘xtatish so‘ralgandi.
Viloyat YHXB boshlig‘i xatida keltirilishicha, Namangan shahar hokimligi tasarrufidagi Captiva’da 2024-yil va 2025-yilda jami 47 ta qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lib, 11 ta holatda 8 million 170 ming so‘m muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalar bor.
Shahar hokimligining yana 4 ta transport vositalari 41 ta qoidabuzarlik bo‘yicha 18 million 750 ming so‘m, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi 6 ta avtomobilning 46 ta qoidabuzarligi bo‘yicha 16 million 307 ming so‘m miqdorida muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalari borligi ma’lum qilingan.
“Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufida bo‘lgan transport vositalari tomonidan sodir etilayotgan surunkali qoidabuzarliklarni tanqidiy muhokama qilishingiz hamda jazo muqarrarligini ta’minlash uchun muddati o‘tgan jarimalarni undirishda amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz”, deyiladi Namangan viloyati YHXB boshlig‘i javob xatida.
Unda, shuningdek, yo‘l harakati qoidabuzarligini qayd etuvchi qurilmalar qoidabuzar haydovchilarga nisbatan chora ko‘rish hamda avtomobil yo‘llarida tartibli harakatlanishni ta’minlash orqali inson xavfsizligini ishonchli himoya qilish va o‘lim holatlarini keskin kamaytirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Aprel oyining o‘rtalarida Andijonda fuqaro yo‘l qoidabuzarliklarini qayd etuvchi 52 ta kameraga pnevmatik miltiqdan o‘q otgandi. Buning oqibatida 1 milliard 147 million so‘m moddiy zarar yetkazgan. Unga nisbatan jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)