Germaniya birinchi marta Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini Polshaga yubordi. Bu haqda Polsha armiyasi qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Yaqin haftalarda jami beshta qiruvchi samolyot Minsk-Mazovetski shahridagi 23-taktik aviabazaga yetkaziladi. Ular NATOning sharqiy qanotida havo hududini himoya qiladi. Nemis samolyotlari 5-avgustdan boshlab Varshava sharqidagi aerodromda joylashadi. U yerda uchoqlar qariyb bir oy qoladi. Ularga xizmat ko‘rsatish uchun Bundesver tarkibidan 150 ga yaqin harbiy xizmatchi ham yuboriladi.
Bild nashri 4-avgust kuni Polsha aerodromiga qo‘ngan nemis samolyotlari tasvirlarini e’lon qilgan. Germaniya harbiy-havo kuchlari aprel oyidan beri Polsha havo hududini himoya qilishda ishtirok etmoqda.
Minsk-Mazovetski yaqinidagi aviabaza Belarus chegarasidan 100 km, Ukraina chegarasidan esa 160 km uzoqlikda joylashgan. Polsha harbiy-havo kuchlari Rossiya Ukrainaning g‘arbiy viloyatlariga zarba bergan paytlarda bir necha bor qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.
Izoh (0)