Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanadaning Falastin davlatini tan olish rejalari AQSH Kongressidagi respublikachilarning katta qismini Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish masalasida hamkorlikdan uzoqlashtirishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi xabar bermoqda.

AQSHning Yaqin Sharq siyosatiga ixtisoslashgan konservativ tadqiqot markazi — Amerika tadbirkorlik instituti (AEI) ilmiy xodimi Deniyel Sametning ta’kidlashicha, Respublikachilar partiyasining Kongressdagi va prezident ma’muriyatidagi vakillarining aksariyati hamon Isroilga xayrixoh. Shu bilan birga, ularning bir qismi transatlantik hamkorlikni mustahkamlash va Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirish tarafdori.
Sametning fikricha, uch davlat o‘z bayonotlari bilan respublikachi qonunchilarning ana shu qismi bilan muloqotga putur yetkazmoqda.
“Agar Fransiya va Buyuk Britaniya ‘Ukraina xavfsizligi Yevroatlantika xavfsizligidan ajralmas’ deb hisoblasa, Kanada esa ‘xavfsiz va suveren Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashga’ sodiq bo‘lsa, unda nima uchun ular respublikachilarni bu qadam bilan chetga surib qo‘ymoqda?”, deydi ekspert.
Ekspertning aytishicha, Falastin davlatining ushbu uch davlat tomonidan tan olinishi uni siyosiy voqelikka aylantirmaydi, chunki bunga Falastin hududlarini amalda nazorat qilish, yagona hamda barqaror boshqaruvga ega bo‘lish bilan bog‘liq ko‘plab qiyinchiliklar to‘sqinlik qiladi.
Sametga ko‘ra, bu “keraksiz va xavfli xato” bo‘lib, Vashington bilan munosabatlarning keskinlashuviga olib keladi.
29-iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, agar Isroil G‘azodagi insonparvarlik blokadani to‘xtatmasa va tinchlik sari qadam tashlamasa, London sentyabr oyida Falastin davlatini tan olishi mumkinligini ma’lum qildi.
Fransiya avvalroq Falastin davlatini hech qanday shartlarsiz tan olishga va’da bergan edi, Malta ham unga ergashdi. 2023-yil oktyabr oyidan beri Norvegiya, Yamayka, Ispaniya, Irlandiya, Armaniston, Bagama orollari, Sloveniya, Barbados hamda Trinidad va Tobago allaqachon Falastinni tan olgan.
Izoh (0)