Toshkent viloyatida harakatlanib ketayotgan avtomobil ustiga chiqib olib, salyut uchirgan fuqaro javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati xabar qildi.
Bildirilishicha, joriy yilning 3-avgust kuni Yuqori Chirchiq tumanida fuqaro hududdan o‘tgan avtomobil yo‘lida hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda, harakatlanib ketayotgan mashina ustida pirotexnika vositalaridan foydalangan va bu holat aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
Tezkor-surishtiruv tadbirlari natijasida haydovchi va qoidabuzar shaxs aniqlandi.
“Tog‘dan qaytayotganimizda mashina ustiga chiqib, salyut otdim. Bu narsani boshqa qaytarmayman, hammadan uzr so‘rayman”, degan ulardan biri.
Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan yo‘lovchining hayotini xavfga qo‘yganligi sababli Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 10-moddasi, yaʼni yo‘l bezoriligi bo‘yicha, yo‘lovchiga esa jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaganligi, jamoat tartibini buzganligi hamda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalangani sababli 183 va 185 prim 1-moddalariga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ishga doir hujjatlar Yuqori Chirchiq tuman sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qarori bilan 2004-yilda tug‘ilgan fuqaro Maʼmuriy kodeksning tegishli moddalarida aybli deb topilib, 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, transport vositasi haydovchisiga 1 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish va BHMning 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Izoh (0)